⚡️“EVOS” ovqatlanish shoxobchasida koordinatsion tekshiruv o‘tkazildi

20 мая, 2025

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan “EVOS” tez tayyor ovqatlanish shoxobchasining sanitariya holatini o‘rganishga qaratilgan koordinatsion tekshiruv o‘tkazildi. Ushbu tekshiruvni o‘tkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Biznes ombudsmandan tegishli ruxsatnoma olindi.

‼️Tekshiruv Sanepidqo’mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tumani bo’limi mudiri Dilnoza Axmedova boshchiligida, soha mutaxassislarining ishtirokida amalga oshirildi. Tadbir davomida shoxobchaning umumiy sanitariya holati, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi, ularni tayyorlash va taqdim etish jarayonlari, ishchi xodimlarning shaxsiy gigiyenaga rioya qilishi hamda ish joylarining tozaligi atroflicha o‘rganildi.

🔬Shuningdek, laboratoriya tahlillari o‘tkazish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari va ishchi sirtlaridan surtma namunalar olinib, belgilangan tartibda tuman laboratoriyasiga yuborildi.

📝Dastlabki tekshiruv natijalarida mazkur ovqatlanish shoxobchasida mahsulotlarning saqlanish shartlari sanitariya talablariga javob bermasligi, xona haroratining belgilangan me’yordan chetlashganligi aniqlandi va bir qator sanitariya-gigiyena qoidalari va normalarining buzilganligi sababli ovqatlanish shoxobchasi rahbariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo’llanildi.

Sanepidqo’mita Toshkent shahar boshqarmasi
Mirobod tumani bo’limi

Оставьте комментарий